Banan - qulupnayli tort
Bunday tortni oddiy kundalikda ham, bayram yoki tug’ilgan kunlarda ham pishirish mumkin.
Masalliqlar:

KORJIGA:

4 ta tuxum

80 gramm 20% yog'li smetana
200 gramm shakar

250 gramm un
bir chimdim tuz

1.5 choy qoshiq qabartma
1 choy qoshiq vanil shakari

ASOSI VA KREMIGA:

500 millilitr 35 %li yog'li qaymoq

16 gramm qaymoq uchun quyuqlashtiruvchi
50 gramm shakar upasi

0.5 choy qoshiq vanil shakari
2 dona banan

100-200 gramm qulupnay
Boshlaymiz. Qadam 1

Korjiga:

Kattaroq idishga tuxum, shakar, vanil shakari va tuzni solamiz.
Qadam 2

Mikser yordamida 3 hissa kattalashguniga qadar ko'pirtirib olamiz. O'rtacha tezlikda taxminan 10 daqiqa ko'pirtiramiz.
Qadam 3

Smetanani solamiz, tezligini kamaytirib, yana ozroq ko'pirtiramiz.
Qadam 4

Alohida idishga un va qabartmani elab solamiz.
Qadam 5

Unni oz-ozdan tuxumli massaga solib, lopatka yordamida aralashtiramiz.
Qadam 6

Qolipning chetlariga sariyog' surtib, ozroq un sepamiz. Ostiga pergament qog'oz to'shaymiz.
Qadam 7

Quyuq xamirni qolipga quyamiz.
Qadam 8

180 C darajada qizigan pechda biskvitni 40-50 daqiqa davomida pishirib olamiz. Pishirish jarayonida pechni ochib ko'rish mumkin emas, aks holda biskvit ko'tarilmay qoladi.
Qadam 9

40 daqiqadan so'ng gugurt cho'p yordamida tekshirib ko'ramiz. Agar quruq chiqsa, demak pishgan hisoblanadi. Pishgan biskvitni pechni ochiq qoldirib, 10 daqiqa sovutamiz.
Qadam 10

Biskvitni qolipidan ajratib, 10 daqiqa pech panjarasida sovutib olamiz.
Qadam 11

Biskvitni ko'ndalangiga teng ikkiga bo'lib olamiz.
Qadam 12

Kremi:

Idishga qaymoqni quyib, 1-2 daqiqa yuqori bo'lmagan tezlikda ko'pirtirib olamiz.
Qadam 13

So'ng shakar upasi va vanil shakarini sepib, yana 1 daqiqa ko'pirtiramiz.
Qadam 14

Qaymoqqa mo'ljallangan quyultirgichni solib, yaxshilab ko'pirtirib olamiz.
Krem o'z shaklini ushlab turishi, oqib ketmasligi lozim.

Qadam 15

Qulupnay va bananlarni yupqa qilib to'g'raymiz, ustini bezatish uchun bir nechta qulupnaydan olib qo'yamiz.
Qadam 16

Biskvitning birinchi qavatiga krem surtib chiqamiz. Kesilgan mevalarni teramiz. Ikkinchi qavat biskvitni qo'yib, usti va chetlariga krem surtamiz.
Ustini ikkiga bo'lingan qulupnaylar va krem bilan bezatamiz.

Qadam 17

Bayramona tort tayyor. Yoqimli ishtaha!
Категория: Pazandalik Sirlari | Добавил: Admin (25.Мая.2020)
Просмотров: 112 | Рейтинг: 0.0/0
close